Hujjatlar

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI MUDOFAASIGA KO’MAKLASHUVCHI «VATANPARVAR» TASHKILOTI NIZOMI

I.UMUMIY QOIDАLАR

1. Oʼzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʼmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti (keyingi oʼrinlarda – Tashkilot deb nomlanadi) ixtiyoriy uyushgan fuqarolarning ommaviy-mudofaa, sport-texnik va harbiy-vatanparvarlik faoliyati boʼyicha umumiy manfaatlarini qondirish va Tashkilotning Ustavida belgilangan maqsadlarga erishish uchun tuzilgan jamoat birlashmasi tashkiliy-huquqiy shaklidagi nodavlat notijorat tashkiloti hisoblanadi.
Tashkilotning oʼzbek tilidagi toʼliq nomi lotin alifbosida:
“O`zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko`maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti”.
Tashkilotning oʼzbek tilidagi toʼliq nomi kirill alifbosida:
“Ўзбекистон Республикаси мудофаасига кўмаклашувчи “Ватанпарвар” ташкилоти”.
Tashkilotning oʼzbek tilidagi qisqartirilgan nomi lotin alifbosida:
“Vatanparvar” tashkiloti.

Tashkilotning oʼzbek tilidagi qisqartirilgan nomi kirill alifbosida:

“Ўзбекистон Республикаси мудофаасига кўмаклашувчи “Ватанпарвар” ташкилоти”.

Tashkilotning rus tilidagi toʼliq nomi:

Организация содействия обороне Республики Узбекистан «Ватанпарвар».

Tashkilotning rus tilidagi qisqartirilgan nomi:

Организация  «Ватанпарвар».

2. Tashkilot nodavlat notijorat tashkiloti hisoblanadi, foyda olishni oʼzining asosiy maqsadi qilib qoʼymaydi va olingan foydani aʼzolari oʼrtasida taqsimlamaydi.
3. Tashkilot Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oʼzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʼgʼrisida”gi, “Oʼzbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari toʼgʼrisida”gi, “Yoshlarga oid davlat siyosati toʼgʼrisida”gi, “Jismoniy tarbiya va sport toʼgʼrisida”gi, “Ijtimoiy sheriklik toʼgʼrisida”gi, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʼgʼrisida”gi qonunlari, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmonlari va Qarorlari, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini tartibga soluvchi boshqa normativ-huquqiy hujjatlar va ushbu Ustav asosida faoliyat koʼrsatadi.
4. Tashkilot faoliyati ixtiyoriylik, aʼzolarining teng huquqliligi, oshkoralik, oʼzini oʼzi boshqarish va qonuniylik tamoyillariga asoslanadi.
5. Tashkilot davlat roʼyxatidan oʼtkazilgan vaqtdan boshlab yuridik shaxs hisoblanadi, oʼz mulkchilik huquqida alohida mol-mulkka egalik qiladi va oʼz nomidan aktivlar olishi, mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarni amalga oshirishi, majburiyatlar olishi, sudda daʼvogar va javobgar boʼlishi mumkin.
Tashkilot mustaqil balansga, tegishli banklarda hisob raqamlariga, shu jumladan, valyuta hisob raqamiga, oʼz nomi yozilgan dumaloq muhrga, shtamplar va blanklarga ega boʼladi.
6. Tashkilot oʼrnatilgan tartibda roʼyxatdan oʼtkazilgan bayroq, emblema, vimpel va boshqa ramzlarga ega boʼlishi mumkin.
7. Tashkilot ushbu Ustavda nazarda tutilgan faoliyatni Oʼzbekiston Respublikasining butun hududida amalga oshiradi.
8. Tashkilot oʼz majburiyatlari yuzasidan oʼziga tegishli barcha mol-mulk bilan javob beradi. Tashkilot aʼzolari Tashkilotning majburiyatlari boʼyicha javob bermaydi, Tashkilot esa oʼz aʼzolarining majburiyatlari yuzasidan javob bermaydi.
9. Tashkilotning doimiy faoliyat yurituvchi rahbar organi joylashgan joyi (pochta manzili): 100017, Toshkent shahri, Osiyo koʼchasi, 86-А uy.

II. TАShKILOTNING MАQSАD VА VАZIFАLАRI

10. Tashkilotining asosiy maqsadi Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga koʼmaklashish, fuqarolar, ayniqsa yoshlarni mehnatga va Vatanni himoya qilishga tayyorlash, tegishli davlat va jamoat tashkilotlariga yoshlarni barkamol shaxs boʼlib voyaga yetkazish, harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni kasbga oʼqitish hamda sportga boʼlgan qiziqishini qoʼllab-quvvatlash ishlarida koʼmaklashishdan iborat.
11. Tashkilot oʼz faoliyatida quyidagi printsiplarga amal qiladi:
oʼzining Ustav faoliyatini davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda olib borish;
barcha tashkilotlar ishida kollegiallikni joriy qilish, qarorlarni koʼpchilik fikriga tayangan holda qabul qilish;
barcha saylanadigan rahbarlar ishida ularni saylagan rahbar organlar va yuqori rahbar organlar oldida toʼliq oshkoralikni hamda hisob berishni taʼminlash;
Tashkilot har bir aʼzosining shaxsiy fikrini inobatga olish, aʼzolarning qadr-qimmati, shuningdek, koʼpchilik va ozchilikning huquqlarini hurmat qilish, zarur boʼlganda erkin munozaralar olib borish uchun shart-sharoitlar yaratish;
yuqori rahbar organlar qarorlarining bajarilishi quyi organlar uchun majburiyligi.
12. Tashkilot faoliyatining asosiy yoʼnalishlari quyidagilardan iborat:
fuqarolar, shu jumladan yoshlarni maʼnaviy-axloqiy jihatdan yetuk qilib va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ongiga Vatanga muhabbat, vatanparvarlik, mehnatga masʼuliyatli munosabat, harbiy xizmatga hurmat tuygʼularini singdirish;
sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirilishi va ommalashtirilishini taʼminlash, sport tashkilotlari va jamoalari faoliyatiga koʼmaklashish;
bolalar, oʼsmirlar va chaqiruvgacha boʼlgan yoshlar oʼrtasida ommaviy sport ishlarini tashkil etish va oʼtkazish;
yoshlar va fuqarolarni mudofaa sohasidagi boshlangʼich bilimlarga oʼqitishda va ularni harbiy xizmatga tayyorlashda davlat hokimiyati organlariga koʼmaklashish;
avtomototransport vositalari haydovchilarini, shuningdek, ommaviy texnik kasblar mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
shu kabi yoʼnalishlar boʼyicha faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilish.
13. Tashkilot oʼz faoliyatining asosiy yoʼnalishlariga muvofiq quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
fuqarolar, ayniqsa yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda Vatanga muhabbat, mamlakat suvereniteti va mustaqilligini himoya qilish boʼyicha yuksak burch tuygʼularini shakllantirish ishlarini olib boradi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasida davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda yuksak axloqiy fazilatlarga ega, eʼtiqodi kuchli, maʼnaviy immuniteti mustahkam, mehnatsevar yoshlarni tarbiyalash boʼyicha maʼnaviy-maʼrifiy va harbiy-vatanparvarlik tadbirlarini tashkil etadi;
yoshlarning mentalitetimizga qarshi turli xil yot gʼoyalar va oqimlar taʼsiriga tushib qolishini oldini olishga qaratilgan profilaktik tarbiyaviy ishlar olib borishda ishtirok etadi;
davlat boshqaruv organlari bilan ijtimoiy sheriklik sohasida hamkorlik munosabatlarini oʼrnatishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda yoshlarni ijtimoiy qoʼllab-quvvatlashga koʼmaklashadi, jumladan, ularni kasb-hunar egallashlari hamda sport bilan shugʼullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratishda ishtirok etadi;
davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda oʼsmirlar va yoshlar oʼrtasida respublika harbiy-sport musobaqalarini tashkil etadi va oʼtkazadi;
mamlakatning xalqaro sport maydonlarda munosib ishtirokini taʼminlash maqsadida sportning texnik va amaliy turlari boʼyicha terma jamoalar aʼzolarini tayyorlab boradi hamda sportchilarning xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etishini taʼminlaydi;
sportning texnik va amaliy turlari oʼquv-mashq va moddiy-texnik bazalarini zamon talablari asosida rivojlantirish boʼyicha ishlarni amalga oshiradi;
fuqarolar, ayniqsa, yoshlar oʼrtasida sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirish boʼyicha samarali targʼibot-tashviqot ishlarini olib boradi;
manfaatdor sport federatsiyalari bilan hamkorlikda sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirish, musobaqalar va turnirlar sifatini oshirish, sport jamoalarini qoʼllab-quvvatlash ishlarini amalga oshiradi;
sportning texnik va amaliy turlari boʼyicha xalqaro sport federatsiyalari va ittifoqlari bilan oʼzaro hamkorlikni yoʼlga qoʼyadi;
fuqarolar, ayniqsa yoshlarning qiziqishlaridan kelib chiqib, oʼz tizimida sportning texnik va amaliy turlari boʼyicha toʼgaraklar va sektsiyalar tashkil etadi;
yoshlarni ommaviy sportga keng jalb qilish maqsadida tuman, shahar, viloyat, va respublika miqyosda sport musobaqalari, koʼrgazmalar va tanlovlar oʼtkazadi;
fuqarolar, ayniqsa yoshlar oʼrtasida sogʼlom turmush tarzini shakllantirish boʼyicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
chaqiruvga qadar yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlashda davlat hokimiyati organlari va umumtaʼlim muassasalarining harbiy-vatanparvarlik tadbirlarini oʼtkazish, sport sektsiyalari va toʼgaraklari faoliyatini yoʼlga qoʼyish, oʼz tasarrufidagi oʼquv-moddiy bazadan foydalanish ishlariga koʼmaklashadi;
qonunchilikda oʼrnatilgan tartibda ommaviy texnik kasblar mutaxassislarini, jumladan avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tashkil etadi;
fuqarolarni, ayniqsa yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori boʼlgan texnik kasblarga oʼqitish boʼyicha oʼquv kurslari va markazlarini tashkil etadi;
Tashkilot tizimidagi muassasalarning oʼquv moddiy-texnik bazasini muntazam takomillashtirib boradi;
Tashkilotning xalqaro maydonda ijobiy obroʼsini shakllantiradi, ushbu sohada faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlar va xorijiy sport tashkilotlari bilan ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini oʼrnatadi;
qonunchilikda oʼrnatilgan tartibda Tashkilot maqsad va vazifalarini amalga oshirish yoʼlida tadbirkorlik tuzilmalarini tashkil etadi, qayta tashkil etadi va ularning faoliyatini toʼxtatadi;
Tashkilot tizimida kadrlar siyosatini amalga oshiradi, xodimlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlashni tashkil etadi;
Tashkilot aʼzolarini mehnatda jonbozlik va oʼrnak koʼrsatganliklari uchun ragʼbatlantiradi, ularni davlat mukofotlariga tavsiya etadi;
amaldagi qonun hujjatlari doirasida homiylik faoliyatini olib boradi;
Tashkilotning faoliyati haqida elektron va bosma ommaviy axborot vositalari orqali aholiga muntazam, toʼliq va tezkor ravishda axborot taqdim etib borish ishlarini amalga oshiradi.

Скачать