Yangi yil bayrami munosabati bilan “Vatanparvar” tashkiloti
Markaziy kengashi raisining tizim xodimlari hamda faxriylariga
BAYRAM TABRIGI

icon 30.12.2021

icon 37
image

Hurmatli hamkasblar!

Aziz Tashkilot faxriylari!

Sizlarni yaqinlashib kelayotgan Yangi 2022 yil bayrami munosabati bilan samimiy muborakbod etaman!

O‘tib ketayotgan 2021 yil “Vatanparvar” tashkiloti uchun sinovli, shu bilan birga, muvaffaqiyatli yil bo‘ldi.

Joriy yilda “Vatanparvar” tashkiloti faoliyatining yangi davri boshlandi. Jamiyatimizda tashkilotimiz yangicha qiyofada, yangi imijda namoyon bo‘ldi. Xususan, joriy yilda tashkilotimiz hamda Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirlik va idoralar, mahalliy hokimlik organlari, davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqdi.

“Vatanparvar” tashkiloti tomonidan aholi, ayniqsa, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni sportning texnik va amaliy turlariga jalb etish hamda ommaviy texnik kasblarga tayyorlash borasidagi faoliyati samarali tarzda va izchil amalga oshirib kelindi.

Respublika aholisi o‘rtasida harbiy-vatanparvarlik targ‘iboti va yoshlar bilan ishlashning yangi tizimi zamon talablari asosida ishlab chiqildi. Natijada 8 100 ta harbiy-vatanparvarlik va ma’naviy tadbirlari o‘tkazilib, 650 000 dan ortiq ishtirokchilar qamrab olinishiga erishildi.

Hozirgi kunda bozor iqtisodiyotining shiddat bilan rivojlanib borishi va raqobatning keskin kuchayishiga qaramasdan tashkilotimiz tomonidan 150 mingga yaqin fuqarolar ommaviy texnik kasblarga o‘qitildi.

Bundan tashqari, sport sohasida ham ulkan zafarlarga erishdik. Sportchilarimiz O‘zbekiston milliy terma jamoalari tarkibida 5 ta xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etib, 16 ta medalga sazovor bo‘ldi, shundan 5 tasi oltin, 8 tasi kumush, 3 tasi bronza medalidir.

Tizimda bo‘layotgan yangilik va o‘zgarishlardan keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadini ustuvor deb bilib, respublika, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida “Vatanparvar” tashkiloti faoliyati 8 767 marotaba yoritilishiga erishildi. Natijada targ‘ibot ishlari o‘tgan yillarga nisbatan 4 baravarga oshdi.

Ushbu amalga oshirilgan ishlar natijasi o‘laroq jamiyatda tashkilotimiz nufuzi yanada oshib, uning faoliyatiga qiziquvchan va xayrixohlar ko‘payib bormoqda. O‘tayotgan yilning eng esda qolarli voqeasi, shubhasiz, “Vatanparvar” tashkilotining 30 yilligini keng miqyosda nishonlaganimizdir. Ushbu tarixiy qutlug‘ sanani sizlar bilan birgalikda nishonlaganimdan bag‘oyat xursandman.

Qadrli hamkasblar!

Avvalgi tabriklarda aytganimdek, “Vatanparvar” tashkiloti jamoasi mamlakatimiz tinchligi, taraqqiyoti va farovonligi yo‘lida xizmat qilishi kutilayotgan yana ko‘plab rejalar va loyihalarni amalga oshirish arafasida turibdi.

Kirib kelayotgan Yangi 2022 yilda sizlar bilan birgalikda oldimizda turgan yangi marralarni zabt etishda, joriy yilda erishilgan yutuqlardan ham ko‘proq ijobiy natijalarga erishib, mamlakatimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi oshishiga ulkan hissa qo‘shishda yanada qat’iyatli va shijoatli bo‘laylik. Kelgusida tashkilotimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar xalqimizga to‘la manzur bo‘lishiga ishonch bildiraman.

Hurmatli hamkasblar!

Fursatdan foydalanib, Sizlarni yaqinlashib kelayotgan Yangi 2022 yil bayrami munosabati bilan yana bir bor tabriklayman! 2022 yil Siz va oila a’zolaringiz uchun baxtli va omadli yil bo‘lishini hamda mas’uliyatli faoliyatingizda doimo ulkan zafarlar yor bo‘lishini tilayman.

Yangi yil barchamizga muborak bo‘lsin!

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko’maklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Xusan Batirov