“Vatanparvar” tashkilotining yillik faoliyati sarhisob qilindi

icon 07.01.2022

icon 10
image

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko’maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirov boshchiligida tashkilotning 2021 yil yakunlariga bag‘ishlangan yillik hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tashkilot Markaziy kengashi apparati, hududiy kengashlar hamda tizimdagi muassasalar rahbarlari va xodimlari ishtirokida videoselektor shaklida o‘tgan ushbu yig‘ilish tanqidiy-tahliliy ruhda kechdi.

Yig‘ilishda tizimdagi tashkilotlar tomonidan aholi, ayniqsa, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni sportning texnik va amaliy turlariga jalb etish hamda ommaviy texnik kasblarga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi. Shuningdek, 2021 yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida, tashkilot bazasida fuqarolarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yana 10 xil kasblarga o‘qitish bo‘yicha bajarilgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Tahlillarga ko‘ra, “Vatanparvar” tashkiloti faoliyatining barcha yo‘nalishlarida Namangan va Buxoro viloyatlari kengashlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar namunali deb topildi.

O‘z faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan hududiy kengashlar va ularning tasarrufidagi muassasalar ogohlantirildi.
Husan Botirov barcha xodimlarni tashkilot Ustavida belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirish yo‘lida mas’uliyat hissini yanada oshirishga chaqirdi. Yig‘ilish yakunida tashkilotning 2022 yilga mo‘ljallangan rejalari belgilab olindi.

O’zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko’maklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati