Uzoq kutilgan “Shunqorlar” o‘tkazildi

icon 22.11.2021

icon 62
image

Hozirgi murakkab globallashuv davrida, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari shiddat bilan rivojlanib borayotgan bir sharoitda mamlakatimiz yoshlari ma’naviyatini turli tahdidlardan asrash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bois, fuqarolar, ayniqsa yoshlarni Vatanga sadoqat, yuksak ma’naviyat, harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash “Vatanparvar” tashkilotining eng muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning belgilab bergan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “Vatanparvar” tashkilotida harbiy vatanparvarlik va yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimi yaratildi.
Tashkilot tizimida yoshlar bilan ishlarni tashkil etishda “Vatan taraqqiyotiga xizmat qilish va sodiq bo‘lish” konseptual harbiy-vatanparvarlik g‘oyasi ostida tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.
“Vatanparvar” tashkiloti tomonidan amalga oshirilgan ana shunday keng qamrovli yirik tadbirlardan biri “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining qayta tiklangani bo‘ldi.
Endilikda ushbu o‘yinlar “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilib boriladi, shuningdek, yoshlarning harbiy-sport harakatiga aylantiriladi.
Bulardan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimiz yoshlari qalbida vatanparvarlik, mardlik, jasorat tuyg‘ularini shakllantirish, ularni harbiy xizmatga tayyorlashda davlat boshqaruv organlariga ko‘maklashish, sportga keng jalb etish, jismonan va ruhiy chiniqtirish hisoblanadi.
Ma’lumki, “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlari ayrim sabablarga ko‘ra bir necha yildan buyon o‘tkazilmay kelinayotgan edi.
Hozirda “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlari butunlay yangi yondashuv asosida va zamonaviy uslublarni qo‘llash orqali tashkil etilib, unda asosiy e’tibor yoshlarda harbiy xizmat ko‘nikmalarini shakllantirishga hamda ularni ma’nan, jismonan va ruhan chiniqtirishga qaratiladi.
Yangiliklardan biri, “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining ilk bor bayrog‘i va emblemasi yaratilib, asosiy ramzi sifatida shunqor qushi tanlandi. Bu bejiz emas, chunki shunqor qushi lochinsimonlar oilasiga mansub kuchli qush bo‘lib, ko‘chma ma’noda mard, jasoratli, botir shaxsga nisbatan qo‘llaniladi.
Joriy yilning 21-22 noyabr kunlari Qurolli Kuchlar Akademiyasining dala o‘quv bazasida “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining Respublika bosqichi o‘tkazildi. Unda “Vatanparvar” tashkilotining hududiy kengashlaridan 154 nafar, 17 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turuvchi yoshlar hamda uyushmagan yoshlardan tashkil topgan 14 ta jamoasi ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlari Toshkent viloyatida joylashgan Qurolli Kuchlar Akademiyasining dala o‘quv bazasida tashkil etilib, yoshlar bevosita unda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar va dala o‘quv moddiy negizi bilan yaqindan tanishishdi, Qurolli Kuchlar Umumqo‘shin nizomlarining ichki tartib qoidalari asosida kursantlar yotoqxonasida yashab, kursantlarning kundalik hayoti, harbiy xizmat o‘tashning shart-sharoitlari bo‘yicha ko‘nikmalar hosil qildilar.
“Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarida yoshlar asosan uchta blokdan iborat sinovlardan o‘tkazildi.
“Harbiy-vatanparvarlik blokida” jamoa a’zolarining O‘zbekiston harbiy tarixiga doir bilimlari sinovdan o‘tkazildi.
“Harbiy-amaliy ko‘pkurash blokida” jamoalar pnevmatik quroldan o‘q otish, o‘quv granatasini uzoqlikka uloqtirish va harbiylashtirilgan estafeta bo‘yicha bellashdilar.
“Sport blokida” jamoalar duatlon, 100 metrga yugurish, turnikda tortilish bo‘yicha o‘zaro musobaqalashdilar.
Bundan tashqari “Mohir mergan” va “O‘zbekiston harbiy tarixi bilimdoni” nominatsiyalari bo‘yicha shaxsiy birinchiliklar ham o‘tkazildi.
“Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlari davomida yoshlarning musobaqa shartlarini bajarishlarida g‘alabaga kuchli intilishi, harbiylikka bo‘lgan qiziqishi, chaqqonligi va mohirligi hamda g‘ayrat-u shijoati yaqqol ko‘zga tashlanib, ushbu o‘yinlarga o‘ziga xos ko‘rk bag‘ishladi.
Do‘stona ruhda, shu bilan birga shiddatli va murosasiz kechgan harbiy-sport o‘yinlarida Toshkent viloyati jamoasining qo‘li baland kelib birinchi o‘rinni egallab, O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisining ko‘chma kubogi sohibi bo‘ldi.
2-o‘rin Namangan viloyati jamoasiga, 3-o‘rin esa Surxondaryo viloyati jamoasiga nasib etdi.
“Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarida faxrli o‘rinlarni egallagan jamoa a’zolariga, shuningdek nominatsiyalar g‘oliblariga “Vatanparvar” tashkilotining qimmatbaho sovg‘alari ham topshirildi.
Ta’kidlash joizki, respublika miqyosida o‘tkazilgan “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlari “Vatanparvar” tashkilotining “Vatan taraqqiyotiga xizmat qilish va sodiq bo‘lish” konseptual harbiy-vatanparvarlik g‘oyasi ostida yoshlarni birlashtirishga yaxshi zamin yaratdi. Bu esa Tashkilot tomonidan tayyorlanayotgan vatanparvar yoshlar Yangi O‘zbekistonning mudofaa qudratini mustahkamlashda hamda ravnaq topishida salmoqli hissa qo‘shishini anglatadi.
Darhaqiqat “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlari “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan yoshlarni Vatanga sadoqat va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarining yana bir yorqin isbotidir.

Ўзбекистон Республикаси мудофаасига кўмаклашувчи

“Ватанпарвар” ташкилоти Матбуот хизмати