KO‘PCHILIKNING HAYOTIGA QUVONCH OLIB KIRGAN TADBIR: “VATANPARVAR” TASHKILOTI 30 YOSHGA TO‘LDI

icon 23.11.2021

icon 83
image

Joriy yilning 23 noyabr kuni poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining 30 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi.
“Vatanparvar” tashkiloti tarixiga nazar solsak, 1991 yil 23 noyabrda bo‘lib o‘tgan Armiya, aviatsiya va flotga ko‘maklashuvchi butunittifoq ko‘ngillilar jamiyatining VIII Qurultoyi qarori bilan O‘zbekiston DOSAAFi negizida O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti jamoat birlashmasi sifatida tashkil etilgan. “Vatanparvar” tashkilotining asosiy vazifalari aholi, ayniqsa, yoshlarni mudofaaga tayyorlash, ularni sportning texnik va amaliy turlariga jalb etish hamda ommaviy texnik kasblarga o‘qitish etib belgilandi.
Tashkilot o‘z faoliyati davomida O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining haqiqiy ko‘makchisiga aylandi: minglab yoshlarni turli harbiy kasblarga tayyorladi, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyaladi hamda sportning texnik va amaliy turlariga jalb etib, mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlashda munosib hissa qo‘shdi. Shuningdek, tashkilot ko‘plab vatanparvar, fidoyi insonlarni, mohir mutaxassislarni va muvaffaqiyatli sportchilarni yetishtirdi.
Tadbirga tashrif buyurganlar, ayniqsa, yoshlarni Yoshlar ijod saroyi hovlisi va ichki qismida tashkil etilgan “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha seksiyalar va to‘garaklarining sport texnikalari ko‘rgazmalari namoyish etildi.
“Vatanparvar” tashkilotining sport texnikalari ko‘rgazmasidan o‘rin olgan baggi, karting va sport motosikllari kabi poyga transportlari, pnevmatik qurollar, raketamodel, aviamodel va kemamodel namunalari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Ular, shuningdek, Osiyo, MDH va jahon sport musobaqalarida faxrli o‘rinlarni egallab, mamlakatimiz sharafini himoya qilgan “Vatanparvar” tashkiloti sportchilari bilan uchrashish imkoniyatiga ham ega bo‘ldilar.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, DXX Chegara qo‘shinlari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi mutasaddilari hamda “Vatanparvar” tashkiloti xodimlari va tashkilot tizimida uzoq yillar samarali faoliyat yuritgan mehnat faxriylari ishtirok edilar.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan aholi, ayniqsa, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni sportning texnik va amaliy turlariga jalb etish hamda ommaviy texnik kasblarga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng qamrovlari ishlar, yo‘lga qo‘yilayotgan yangi tizimlar, xususan, yoshlarning vaqtini mazmunli o‘tkazishga qaratilgan sa’y-harakatlari to‘g‘risida so‘zladilar.

Tashkilot tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar turli nominatsiyalarda baholandi. Jumladan, 2021 yilning “Eng yaxshi boshlang‘ich tashkilot raisi” nominatsiyasida Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani O‘quv sport texnika klubi boshlang‘ich tashkilot raisi Jamshid Qurbonov, “Eng yaxshi o‘qituvchi” nominatsiyasida Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumani O‘quv sport texnika klubi o‘qituvchisi Sali Kasimov, “Eng yaxshi yo‘riqchi” nominatsiyasida Toshkent viloyati Chirchiq AVTM avtomobilni amaliy boshqarishni o‘rgatuvchi usta Abdumanap Djurabayev, “Eng yaxshi sportchi” nominatsiyasida Namangan viloyati texnik va amaliy sport turlari markazi sportchisi Muhammad Kamolov, “Eng yaxshi murabbiy” nominatsiyasida Buxoro viloyati texnik va amaliy turlari markazi murabbiysi Shamsitdin Bafoyev faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan mukofotlandilar.
Shuningdek, bir qator mehnat faxriylari va hamkor tashkilotlar vakillari qimmatbaho sovg‘alar va “Vatanparvar” tashkilotiga 30 yil” esdalik belgilari bilan taqdirlandilar.

“Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi – polkovnik Husan Botirovga tashkilotning birinchi rahbari – iste’fodagi general-mayor Jamshid Shohmardonov tomonidan “Vatanparvar” tashkilotiga 30 yil” esdalik nishoni topshirilgani soha tarixida unutilmas voqeaga aylandi.
“Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining Respublika bosqichida yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritgan jamoalarga “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Kubogi va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Tadbir davomida Mudofaa vazirining tegishli buyrug‘i bilan “Vatanparvar” tashkilotida faoliyat yuritayotgan bir qator harbiy xizmatchilar ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandilar.
Jumladan, “Malakali ustoz” ko‘krak nishoni bilan Tashkilot Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari – polkovnik Nurmuhammad Mulabayev, “Namunali xizmatlari uchun” 1-darajali ko‘krak nishoni bilan Markaziy kengash boshqarma boshlig‘i – polkovnik Davron Mustakimov, “Namunali xizmatlari uchun” 2-darajali ko‘krak nishoni bilan Navoiy viloyati kengashi raisi – podpolkovnik Shuhrat Normo‘minov, “Namunali xizmatlari uchun” 3-darajali ko‘krak nishoni bilan Samarqand viloyati kengashi raisi – podpolkovnik Bekzod Rahimov, Jizzax viloyati kengashi raisi – podpolkovnik O‘tkir Xudoyberdiyev va Andijon viloyati kengashi raisi – podpolkovnik Sardorbek Qodirov, Mudofaa vazirining “Esdalik nishoni” bilan Surxondaryo viloyati kengashi raisi – podpolkovnik Zufarjon Yusupov taqdirlandi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tashkil topganiga 30 yil to‘lishi munosabati bilan OAV xodimlari o‘rtasida “Vatanparvar” tashkiloti – jurnalist nigohida” mavzuida respublika tanlovi o‘tkazilgan edi.
Tadbir mobaynida ushbu tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan OAV xodimlari diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
Jumladan, “Eng yaxshi tele-jurnalist” nominatsiyasi bo‘yicha uchinchi o‘rin – Navoiy viloyati televideniyesi muxbiri Dilafro‘z Qo‘shoqova, ikkinchi o‘rin – “Yoshlar” telekanali muxbiri Nodirbek Shamsiddin, birinchi o‘rin – “O‘zbekiston 24” telekanali muxbiri Maftuna Matlatibovaga nasib etdi.
“Eng yaxshi radio-jurnalist” nominatsiyasi bo‘yicha uchinchi o‘ringa – Qoraqalpog‘iston Respublikasi teleradiokompaniyasi bo‘lim mudiri Gulnaz Nurbekova, ikkinchi o‘ringa – “Grande” radiosi muxbiri Nodira Maqsudova, birinchi o‘ringa – “Yoshlar” radiosi muxbiri Umida Xasanova sazovor bo‘ldilar.
“Eng yaxshi bosma OAV jurnalisti” nominatsiyasi bo‘yicha uchinchi o‘rinni – “Pravda Vostoka” gazetasi muxbiri Firuza Ataxanova, ikkinchi o‘rinni – “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Abubakir O‘rozov, birinchi o‘rinni – Mudofaa vazirligi muassisligidagi “Vatanparvar” gazetasi muxbiri Islomjon Qo‘chqorov o‘g‘li egalladilar.
“Eng yaxshi Internet-nashr jurnalisti” nominatsiyasi bo‘yicha uchinchi o‘rin – “Namangantoday.uz” internet nashri muxbiri Sanjarbek Hamidov, ikkinchi o‘rin – “Interfax.uz” internet nashri muxbiri Shahnoza To‘ramurodova, birinchi o‘rin – “Daryo.uz” internet nashri muxbiri Musulmonbek Ibrohimovga nasib etdi.
Tadbir ishtirokchilari xushovoz xonandalar hamda Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansambli san’atkorlarining konsert dasturidan bahramand bo‘ldilar.

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati