Сайт работает в тестовом режиме!

Muallifga xatolar bo`yicha xabar berish



Jurnalistlar oʼrtasida musobaqa tashkil etildi

Oʼzbekiston mudofaasiga koʼmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi tomonidan 27 iyunь – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan joriy yil 26 iyunь kuni tashkilotning Markaziy kengashi tasarrufidagi Respublika texnik va amaliy sport turlari markazida sportning pnevmatik miltiqdan oʼq otish turi boʼyicha jurnalistlar oʼrtasida musobaqa oʼtkazildi.
Tadbirdan koʼzlangan asosiy maqsad matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari oʼrtasida sportning texnik va amaliy turlarini targʼib qilish, ushbu sport turlari bilan yaqindan tanishtirish hamda turli darajadagi sport tadbirlari va musobaqalarni yoritadigan jurnalistlarni bevosita sport musobaqasida ishtirok etishlari uchun imkoniyat yaratish shuningdek, bayram munosabati bilan bir guruh jurnalistlarni taqdirlash hisoblanadi. 
Zero, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev taʼkidlaganlaridek, “Kundalik hayotimizning ajralmas qismi boʼlgan ommaviy axborot vositalari haqida soʼz yuritganda, biz, avvalo, doimo yangilik izlab, yangilikka intilib, hayotning qaynoq nuqtalariga kirib boradigan, xolislik va haqqoniylik, Vatan va xalq manfaatlarini birinchi oʼringa qoʼyadigan olijanob va masʼuliyatli kasb egalarini tasavvur qilamiz”. 
Musobaqa doirasida sportning texnik va amaliy turlari boʼyicha koʼrgazma va bayram tadbiri tashkil etildi. Koʼrgazmada sportning texnik va amaliy turlariga kiruvchi karting, avtokross, avtoralli, motokross, triatlon, duatlon, harbiy amaliy koʼpkurash, yozgi biatlon, oʼq otish, aviamodelь, raketamodelь, kemamodelь sporti kabi sport turlari namoyish etildi. Ushbu sport turlari boʼyicha Jahon, Osiyo va Oʼzbekiston chempionlari boʼlgan sportchilarning ishtirok etishi texnik va amaliy sport turlarining mazmun-mohiyatini toʼliq ochib berish imkonini berdi. 
Musobaqa ishtirokchilari uchun musobaqadan avval “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi tasarrufidagi Respublika texnik va amaliy sport turlari markazida mahorat darslari oʼtkazilganligi ishtirokchilarining mahoratlari yanada oshishiga xizmat qildi.
Oʼzbekiston mudofaasiga koʼmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti yoshlar va fuqarolarni mehnatga va Vatanni himoya qilishga tayyorlash, oʼz tashkiloti tizimi orqali tegishli davlat organlari, jamoat va nodavlat notijorat tashkilotlariga yoshlar va fuqarolar oʼrtasida Vatanni himoya qilish haqidagi gʼoyalarni targʼib etish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarida koʼmaklashish maqsadida oʼz faoliyatini tashkil etgan. 
Tashkilotning eng asosiy faoliyatidan biri yoshlar va fuqarolarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarini tashkil etishdan iboratdir. 
Bu borada “Vatanparvar” tashkiloti davlat, nodavlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda mamlakatimiz fuqarolari jumladan, yoshlarda vatanparvarlik, Vatanga muxabbat tuygʼularini, mamlakat suvereniteti va mustaqilligini himoya qilishdek yuksak tuygʼularni shakllantirishga qaratilgan turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, yoshlar festivallari va tanlovlar tashkil etib kelmoqda. 
Sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirish hamda ommalashtirish Tashkilot faoliyatining yana bir asosiy yoʼnalishlaridan biri boʼlib, fuqarolar va voyaga yetmagan yoshlar oʼrtasida sportning texnik va amaliy turlarini targʼib qilish va ommaviyligini oshirish ishlarini tashkil etmoqda, turli darajadagi sport musobaqalarini oʼtkazish, sportchilarning xalqaro musobaqalarda ishtirok etishini taʼminlamoqda.
Hozirgi kunda Tashkilot tomonidan karting, avtokross, avtoralli, avtomobilь xalqa poygalari, avtomobilь koʼpkurashi, motokross, triatlon, duatlon, harbiy amaliy koʼpkurash, yozgi biatlon, oʼq otish, aviamodelь, raketamodelь, kemamodelь sporti, qisqa va ultraqisqa telefon hamda telegraf orqali radioaloqa kabi texnik va amaliy sport turlari ommalashtirilmoqda.
“Vatanparvar” tashkiloti qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda avtotransport vositalari haydovchilarini va boshqa ommaviy kasblar turlari mutaxassislarini tayyorlash (qayta tayyorlash) tizimini tashkil etishi tashkilotning yana bir faoliyat yoʼnalishdir. Bu borada birinchi navbatda asosiy eʼtibor avtotransport vositalari haydovchilarini tayyorlash boʼyicha oʼquv-moddiy bazani muntazam takomillashtirishga qaratilgan. Shu sababli ham tashkilot moddiy negizini kuchaytirish, oʼquv jarayonini innovatsion yondashuv bilan tashkil etish yoʼlida tinimsiz izlanishlar olib borilmoqda 
“Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi oʼquv muassasa va oʼquv sport texnika klublarida xoʼjalik hisobidan turli ommaviy kasb xodimlarini, bunda asosan avtotransport vositalari haydovchilarini tayyorlash boʼyicha faoliyat yoʼlga qoʼyilgan. Mazkur muassasalarda yiliga minglab avtortransport vositalari haydovchilari, traktorchilar, radiotelegrafistlar kabi mutaxassislar tayyorlanadi. Tayyorlanayotgan mutaxassislarning qariyb 70 foizdan ziyodini yoshlar tashkil etmoqda. 
“Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi tomonidan jurnalistlar oʼrtasida oʼtkazilgan pnevmatik miltiqdan oʼq otish boʼyicha musobaqa guruhlarga boʼlingan holda tashkil etildi. Guruhlar pnevmatik miltiqdan oʼq otish bellashuvlarida qatnashish, parallel ravishda sportning texnik va amaliy turlari texnikalari namoyishi koʼrgazmasi bilan yaqindan tanishish hamda “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi tasarrufidagi Respublika texnik va amaliy sport turlari markazida faoliyati bilan tanishish imkoniga ega boʼldilar.
Tadbir davomida matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan jurnalistlar uchun Umidjon Xabibullaev boshchiligidagi “Umid” kamer orkestri tomonidan bayram tadbiri tashkil etildi.
Musobaqa birinchi toifadagi hakam Urmanov Ixtiyor Yuldashovich boshchiligidagi Hakamlar hayʼati tomonidan baholandi. Gʼoliblar ikki guruhda yaʼni erkaklar va ayollar oʼrtasida faxrli I, II va III oʼrin sovrindorlari sifatida eʼlon qilindi. Shuningdek, ishtirokchilar “Eng faol ishtirokchi” nominatsiyasi boʼyicha ham taqdirlandi. Gʼolib va ishtirokchilar “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi tomonidan diplom va esdalik sovgʼalar bilan mukofotlandi.
Musobaqada mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 30 ga yaqin ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotga yuz nafarga yaqin matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Musobaqa turli tadbirlar va sport musobaqalarini yoritib kelayotgan jurnalistlar oʼzlarini sportchi sifatida xis qilishlariga imkon berdi desak mubolagʼa boʼlmaydi. Endlikda har yili oʼtkaziladigan bayram tadbirida OАV ishtirokini son jihatdan yanada oshirish hamda bundan ham koʼproq jurnalistlarni sport musobaqalariga jalb qilish ustuvor vazifa etib belgilandi.

So`nggi yangiliklar

  • “Vatanparvar” tashkiloti Samarqand viloyat kengashining navbatdagi IV yigʼilishi...
    2489
  • Sogʼlomlashtirish oromgohidagi yoshlar oʼrtasida musobaqa oʼtkazildi...
    14.08.2019
    1614
  • Fargʼonalik merganlar gʼoliblik uchun bellashdi...
    1536
  • Eng sara merganlar munosib taqdirlandi...
    12.08.2019
    1299
  • Oʼq otish sport turi boʼyicha Xorazm viloyat kubok musobaqasi oʼtkazildi...
    09.08.2019
    1454
  • “Yoshlar mustaqil yurt tayanchi”...
    09.08.2019
    1619